Toshkent viloyatida Chirchiq daryosida noqonuniy chiqindixona tashkil qilgan fuqaro qamoq jazosiga hukm qilindi
Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanida noqonuniy chiqindixona tashkil etgan fuqaroga nisbatan hukm chiqarildi.
Ekologiya vazirligi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, ayblanuvchi 2023-yilning may oyidan 2024-yil yanvarigacha Chirchiq daryosi tubidagi yer uchastkasiga chiqindilarni tashlab kelgan.
Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi davlat inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan reyd davomida ayblanuvchi daryo o‘zaniga qonunga xilof ravishda qurilish chiqindilarini tashlab yuborgani, natijada to‘g‘onga o‘xshash chiqindixona hosil bo‘lganligi aniqlandi. Fuqaro bir necha marta ogohlantirilishiga qaramay o‘z harakatini davom ettirgan.
Ayblanuvchi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar rejimini buzgan holda daryoga 126 433,70 kub metr chiqindilarni tashlab, 3 milliard 68 million 206 ming so‘m miqdorida zarar yetkazgan.
Sud uni “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 22 va “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonunning 41-moddalari bilan aybdor deb topdi. Erkak uch yilu to‘qqiz oy qamoq jazosiga hukm qilindi va u yetkazilgan zararni qoplashi shart.
Sharhlar