Toshkent viloyatida IIB xodimlarining avtomobilidan sakragan fuqaro vafot etdi
26-iyul kuni soat 01:30 atrofida Oqqo‘rg‘on tumanidagi avtoyuvish shoxobchasida mahalliy fuqaro mast holatda janjal chiqardi, deya xabar beradi Toshkent viloyati prokuraturasining matbuot xizmati.
Mahalliy aholi huquq-tartibot xodimlariga qo‘ng‘iroq qilgan, ular huquqbuzarni qo‘lga olib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun Bo‘ka tumanidagi sog‘lomlashtirish markaziga olib borish maqsadida xizmat mashinasiga o‘tqazgan.
Biroq avtomobil ketayotgan chog‘ida orqa o‘rindiqda o‘tirgan erkak eshikni ochib o‘zini tashqariga otgan. Bo‘ka tumani tibbiyot birlashmasi unga ko‘karishlar, bosh jarohati, burun sinishi va boshqa jarohatlar tashxisini qo‘ydi, shuningdek, spirtli ichimliklar bilan zaharlanishni qayd etdi.
Jarrohlik aralashuvi zarurligi sababli jabrlanuvchi Bekobod tumani markaziy shifoxonasiga yetkazilgan va ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, odam o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Militsiya xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan ichki tergov o‘tkazish buyurilgan. Tergov ishlari viloyat prokuraturasining nazoratida.
Sharhlar