Toshkent xalqaro aeroportidagi rekonstruksiyadan so‘ng yangilangan uchib ketish zali ochildi / fotoreportaj
Toshkent xalqaro aeroportida rekonstruksiyaning navbatdagi bosqichi yakunlandi va aeroport terminalini kengaytirish imkonini berdi. Xususan, 2021-yildan hozirgi kunga qadar xalqaro aviaqatnovlar terminalining maydoni 45 ming kvadrat metrdan 65 ming kvadrat metrgacha kengaytirildi.
Yangilangan uchish zalining ochilishi doirasida jurnalistlar, bloggerlar va aviaspotterlar uchun matbuot anjumani va press-tur o‘tkazildi. Matbuot anjumanida “Uzbekistan Airports” AJ boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxodjayev, O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev, Toshkent aeroporti direktori Jasur Po‘latov va “Uzbekistan Airports Handling” kompaniyasi direktori Timur Xalilovlar so‘zga chiqdilar.
Ayni paytda uchib ketish terminalida maydoni 2500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan keng zal qurilgan bo‘lib, undan yo‘lovchilar ro‘yxatdan o‘tish joyiga liftlar yoki eskalatorlar orqali chiqishlari mumkin. Zal va asosiy terminal binosi o‘rtasida o‘rindiqli kichik yashil maydon mavjud. Keyinchalik, uchib ketish terminalining ikkinchi qavatida shaharga qaraydigan deyarli 2200 kvadrat metr maydonga ega yana bir ochiq terassa paydo bo‘ladi. Har ikkala terassa ham yo‘lovchilar, ham kuzatuvchi va kutib oluvchilar uchun ochiq bo‘ladi.
Zalning o‘zida yo‘lovchilar va kuzatuvchilar dastlabki tekshiruvdan o‘tadilar (bagajlar skanerga joylashtiriladi, odamlar arkali metal detektordan o‘tadi) va ba’zi xizmatlardan foydalanishlari mumkin – bagajni qadoqlash, SIM-kartalarni sotib olish, bankomat xizmatlari, zaryadlash stansiyalari va vending avtomatlari. Shuningdek, zalda kichik hayvonlarni (ayniqsa mushuklarni) tekshirish imkoniyati mavjud – yo‘lovchilar ularni alohida xonaga olib borishlari, u yerda to‘rt oyoqli hamrohlarini stress holatga tushirmasdan konteynerdan olib aeroport xodimiga tekshiruvni amalga oshirish uchun berishlari mumkin.
Aeroport maydoninig kattalashishiga terminal binosini oldinga, to‘xtash joyi tomon kengaytirish orqali erishildi. Shu munosabat bilan aeroportga kirish tizimi ham o‘zgardi: uchib ketish terminali oldida endi panjaralar yo‘q, transport vositalari esa binoning yonigacha kirib boradi. Aytish joizki, mamlakat YHXX tizimlari bilan integratsiyalashgan yo‘l kameralari terminalga kirish yo‘lagiga o‘rnatilgan. Tizim avtomatik ravishda ishlaydi: kirish liniyasida ruxsat etilgan to‘xtash vaqtidan oshib ketgan avtomobil egalariga avtomatik ravishda jarima bildirishnomasi yuboriladi. Eslatib o‘tamiz, terminalga qisqa muddatli kirish barcha yengil avtomobillar, sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslar uchun 10 daqiqagacha etib belgilangan.
Ta’kidlash joiz, hozirda “Toshkent” aeroporti xalqaro terminalining o‘tkazish qobiliyati yiliga 7 million yo‘lovchini tashkil etadi. 2023-yilda poytaxt aeroportida 6,8 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatildi. Joriy yilda yo‘lovchi tashish hajmi 8 milliondan ortiq bo‘lishi kutilmoqda. 2026-yilda barcha rekonstruksiya bosqichlari tugatilgandan so‘ng terminal topshirilishi rejalashtirilgan. Qurilish tugallangach, aeroportning o‘tkazish qobiliyati yiliga 13 million yo‘lovchiga yetkaziladi.
Bobur Karimov
Sharhlar