Toshkentda 21 yoshli talaba odam a’zolari bilan savdo qilishga uringanligi uchun hukm qilindi
Toshkentda odam a’zolari bilan savdo qilishga urinish aybi bilan 21 yoshli talabaga nisbatan hukm chiqarildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar beradi.
Idora ma’lumotiga ko‘ra, sudlanuvchi ijtimoiy tarmoqlarda e’lon joylashtirgan bo‘lib, unda buyrakni 38 ming dollar, jigarni 43 ming dollar, suyak iligini esa 23 ming dollarga sotib olishga tayyorligini ko‘rsatgan. E’lon chiqqandan so‘ng u bilan a’zolarini sotishdan manfaatdor bo‘lgan odamlar bog‘lana boshlagan. U potentsial sotuvchilarga ko‘chirib o‘tkazish uchun Germaniyaga borish kerakligini, u yerda go‘yoki kasalxonalarda davolanish va yashash xarajatlarini qoplashga tayyor tanishlari borligini aytgan. Shu bilan birga, u o‘z xizmatlari uchun 350 dollar miqdorida oldindan to‘lov talab qilgan.
Talaba buyragini sotishga rozi bo‘lgan erkakdan pul olayotgan paytda qo‘lga olingan. Sud majlisida yigit moliyaviy muammolari borligini va bitim amalga oshmaganini aytib, fuqarolarga pulni qaytarishni rejalashtirganini aytgan. Shuningdek, u a’zolarni ko‘chirib o‘tkazish bilan shug‘ullanadigan tanishlari yo‘qligini tan olgan.
Sud uni О‘zR Jinoyat kodeksining 133-1-moddasi 1-qismi 25-moddasi (inson a’zolari va (yoki) to‘qimalarini oldi-sotdi qilish bilan bog‘liq jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish yoki suiqasd qilish) bo‘yicha aybdor deb topdi. Yosh yigit uch yil ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi.
Sharhlar