Toshkentda aksiz markasiz tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchtepa tumani bo‘limi, DXX va Toshkent shahar Bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida tamaki mahsulotlarining yashirin aylanmasiga barham berish borasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan G.Sh.ning xonadonidan o‘tkazish maqsadida saqlab kelingan xorijda ishlab chiqarilgan 10 turdagi umumiy bahosi 153 mln so‘mlik jami 5 530 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Departamentning Yashnobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Farg‘ona yo‘li ko‘chasida qonunga xilof ravishda tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan S.M. fuqaro D.R.ga 2 quti tamaki mahsulotini sotgan vaqtida ushlanib, uning yonidan o‘tkazish maqsadida olib kelingan turli nomdagi jami 1 613 quti tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shu kabi, Departamentning Chilonzor tumani bo‘limi tomonidan “G-N.” MCHJga qarashli savdo do‘konida o‘tkazilgan tezkor tadbirda do‘kon sotuvchisi A.H. xaridorga “R1” nomli aksiz markasiz tamaki mahsulotini sotgan vaqtda ushlanib, ushbu savdo do‘konidan turli nomdagi xorijda ishlab chiqarilgan 1 657 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.