Toshkentda ikki bloger yumoristik klipi uchun hibsga olindi
Toshkent shahri jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi yumoristik klipda ishtirok etgan ikki bloger — “Brbalo” musiqiy guruhining artistlari Kamal Yusupov va Abror Gulyamovni ma’muriy javobgarlikka tortdi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
Avgust oyi oxirida musiqachilar va blogerlardan iborat poytaxtning “Brbalo” musiqiy guruhi yangi “Aboka 2” klipini chiqardi (video keyinchalik o‘chirilgan). Unda chet el qo‘shiqlari o‘zbek tilida hazil ohangida ijro etilgan. Video prodyuserlari sifatida Kamal Yusupov (bloger, go.uz yumoristik loyihasi ishtirokchisi) va Abror Gulyamov (bloger, musiqachi, O‘zbekiston KVN Oliy ligasi chempioni) ko‘rsatilgan. Ilgari jamoa “Uzbekistan” va “Mokrыy asfalt” kabi boshqa yumoristik kliplarni ham chiqargan.
8-oktabr kuni Telegram kanallaridan biri mazkur klipni tanqid qilib, undan parchalar tarqata boshladi.
Videoda yasama soch taqqan Kamal Yusupov intim xizmatlar sohasidagi ayol obrazini aks ettiradi. Syujetga ko‘ra, Abror Gulyamov (Aboka) uni sevib qoladi, biroq keyinroq so‘ngra do‘stiga uylanayotganidan xabar topadi.
Sud qarorida qayd etilishicha, Kamal Yusupov va Abror Gulyamovlar “jamiyatda o‘rnatilgan yurish-turish qoidalarini, ya’ni odob va axloq normalari, urf-odat, an’analar bilan belgilangan jamoat tartibini qasddan mensimasdan, ijtimoiy tarmoqda turli uyatli va haqoratomuz so‘zlar bilan so‘kingan videolavhalarni joylab, fuqarolarning osoyishtaligini buzish orqali, keskin noroziligiga sabab bo‘lgan”.
Sud qarorida aytilishicha, Kamal Yusupov va Abror Gulyamov o‘z ayblariga to‘liq iqror bo‘lib, uzr so‘ragan.
Sudya Z.Latipov ularni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi 1-qismi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 183-moddasida (Mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topib, 15 sutkaga qamoq jazosini tayinladi. Shuningdek, ular maxsus tergov izolyatorida saqlanayotgani uchun 843,7 ming so‘m to‘lashlari kerak.
Sharhlar