Toshkentda ikkinchi gastronomik ko‘chani yaratish bo‘yicha ishlar boshlandi
15-iyuldan Mirobod tumani Taras Shevchenko ko‘chasini gastronomik ko‘chaga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari boshlanadi. Ushbu munosabat bilan tuman hokimi Anvar Sayfutdinov T.Shevchenko ko‘chasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi, deb yozmoqda hokimlik axborot xizmati.
Hokim uchrashuv avvalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 395-sonli qaroriga asosan poytaxt ko‘chalarida jozibador va serqatnov turizm hamda xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish maqsadida 24/7 rejimda ishlovchi ko‘ngilochar ko‘cha tashkil etish belgilanganligi haqida gapirdi.
Ushbu turistik ko‘chaning ishga tushirilishi tadbirkorlarning daromad manbaini oshishiga xizmat qilishi ta’kidlandi. Tadbirkorlar turistik ko‘cha loyihasi bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.
“15-iyuldan boshlanadigan bunyodkorlik ishlari davomida Taras Shevchenko ko‘chasida yoritish ustunlarini o‘rnatish, o‘rindiqlar va chiqindi urnalarini o‘rnatish, daraxt ko‘chatlari o‘tqazish, sug‘orish tizimlarini o‘rnatish, audio musiqa tizimini tashkil etish, dekorativ arka va ustunlar o‘rnatish, fotozonalar uchun dekorativ elementlar tashkil etish, piyodalar yo‘laklari, velo-yo‘laklar va zamonaviy o‘rindiqlar tashkil etish, bolalar o‘yingohi va ko‘rgazmali sahna o‘rnatish kabi ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan”, – deyiladi xabarda.
Mart oyida poytaxt hokimligi Yashnobod tumanida Toshkentning birinchi “gastronomik ko‘chasi”ni yaratish rejalari bilan o‘rtoqlashgandi.
Sharhlar