Toshkentda jamoat transporti yo‘lkira narxi 3000 ga oshadi

2025-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent shahri jamoat transportida yo‘lkira narxlari o‘zgaradi. Toshkent shahar hokimining 2024-yil 25-noyabr kuni qabul qilgan qaroriga muvofiq, avtobus va metropoliten yo‘lkira haqi oshadi, bunda elektron to‘lov tizimini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Qarorga ko‘ra, quyidagi yangi tariflar joriy qilinadi:

  • Naqd puldagi bir martalik yo‘lkira haqi – 3 000 so‘m;
  • Elektron to‘lov orqali amalga oshirilganda – 1 700 so‘m;
  • Bagaj tashish xizmati uchun – 4 000 so‘m;
  • Qatnovlar soniga bog‘liq holda belgilangan tarif – 1 600 so‘m.

Shuningdek, qatnovlar soniga qarab belgilangan transport kartalari uchun imtiyozli va bepul tarif rejalarining narxlari o‘zgarmaydi.

Yana bir muhim o‘zgarish – 2025-yil boshidan boshlab avtobus salonlarida naqd to‘lovlar qabul qilinmaydi. Barcha yo‘lkira to‘lovlari faqat elektron tarzda amalga oshiriladi.

Ushbu yangilik jamoat transportida zamonaviy to‘lov tizimini rivojlantirish hamda samaradorlikni oshirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.