Toshkentda qiymati 13 ming dollarlik antibiotiklarning noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi
Toshkent shahrida 13 ming dollarlik dori vositalarini noqonuniy sotishga uringan shaxslar qo‘lga olindi, deya xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.
Boshqarma xodimlari va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 199 million so‘mlik 10 ming quti “Levomer” (levofloksatsin) antibiotigini sotishga urinishning oldi olindi. Fuqaro N.K va boshqalar fuqaro M.X.ga dori vositalarini 13 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan.
Xabarda aytilishicha, dori vositalari xorijda ishlab chiqarilgan bo‘lib, ularning sifatini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar bo‘lmagan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186−3-moddasi (Sifatsiz yoki qalbaki dori vositalarini sotish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, sotib olish, saqlash, tashish yoki sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov davom etmoqda.
Sharhlar