Toshkentda yangi o‘g‘irlik turi fosh etildi
Toshkent shahrida yashovchi 61 yoshli fuqaro S.M. ariza bilan murojaat qilib, “noma’lum shaxs” uning bank kartasidan 1.515.000 so‘m pullarini yashirin ravishda o‘zlashtirganligini ma’lum qilib, ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni Surxondaryo viloyatida yashovchi 27 yoshli fuqaro M.A. sodir etganligi aniqlanib, qo‘lga olindi.
M.A. soxta havola yaratib, uni “onlayn kredit” yoki “moddiy yordam olish uchun bu manzilga bank karta ma’lumotingizni kiriting” mazmunidagi soxta reklamalar bilan, turli kanal va guruhlarda tarqatib, bank karta boshqaruvini berib qo‘ygan fuqarolarning pullarini yashirin ravishda talon-toroj qilib kelgan.
Mazkur holat yuzasidan M.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qonunga muvofiq, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b” bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Sharhlar