Toshkentdagi klinik shifoxona binosi darz ketganligi haqidagi xabarlar yuzasidan ma’lumot berildi
9-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi 1-son shahar klinik shifoxonasi binosi darz ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu xabar yuzasidan SSV matbuot xizmati quyidagilarni ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, mazkur holat kecha, 8-iyul kuni shahar 1-son klinik shifoxonasining 5 qavatli binosi 2-qavatida kuzatilib, oqibatda binoning balkon qismi tagidagi to‘singa darz ketgan.
Shundan so‘ng bu haqda darhol Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi xodimlariga ma’lumot berilib, bo‘limda davolanayotgan bemorlarning bir qismi vaqtincha binoning boshqa tarafiga ehtiyot chorasi sifatida ko‘chirilgan.
Shuningdek, “O‘zog‘irsanoatloyiha” instituti ekspertlari tomonidan bino to‘liq tekshiruvdan o‘tkazildi. O‘rganish natijasida inshootning zararlanish holati faqat lokal harakterga ega ekanligi, darz ketish balkon qismigagina taalluqliligi yuzasidan xulosa berildi.
Sharhlar