Toshkentlik firibgar mingdan ortiq fuqaroning bank kartalaridan 550 mln so‘m o‘g‘irlagani aniqlandi
Samarqand viloyatida yashovchi B.U ismli shaxs bank kartasidan 7,3 million so‘m pul o‘g‘irlangani haqida ariza bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni Toshkent shahrida yashovchi K.A. sodir etgani aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, firibgar jabrlanuvchiga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini Lamifarm tashkiloti vakili sifatida tanishtirgan va unga televizor va konditsioner yutib olganini ma’lum qilgan.
Sovrinni olish uchun B.U.dan SMS orqali olingan kod bo‘yicha 200 ming so‘m o‘tkazishni so‘ragan. Jabrlanuvchi Payme to‘lov tizimining kodini bergach, K. A. fuqaro B. U.ning bank kartasidan o‘zining hisob raqamiga 7,1 million so‘m o‘tkazib, unga kirishni blokirovka qilib qo‘ygan.
Keyingi tergov-surishtiruv ishlari davomida gumondor Telegram messenjerida CALL CENTER nomli akkaunt yaratib, 1000 dan ortiq fuqarolarning 550 million so‘mdan ortiq pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan K.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «d» bandi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sharhlar