“Toshshahartransxizmat” AJ murojaatlar bilan qanday ishlaydi

Foto: videodan qirqib oligan

Kuni kecha, ijtimoiy tarmoqlarda “Toshshahartransxizmat” AJning “2-Avtobus saroyi” filiali bilan bog‘liq tanqidiy video material tarqaldi. Unda murojaatchilar tomonidan avtobuslar uchun ehtiyot qismlarining yetishmasligi, xodimlarga ortiqcha bosim o‘tkazish, oylik maoshlarni kechikishi, xodimlarni besabab, qo‘rqitish yo‘li bilan ishdan bo‘shatilgani, yangi rahbar Sultonov kelganidan keyin avtosaroyda sog‘lom muhit yo‘qolib, saf boshliqlariga nisbatan turli adovat kuchaygani haqida fikr bildirilgan.

Qolaversa, bundan bir necha oy avval rahbarlar topshirig‘i bilan avtosaroydan texnik buzuq avtobusni olib chiqib, tezlikni oshirgan holda “iloniz” qilib yurishga majbur qilgan deb iddao qilgan xodimlar videolavhada. Bu ishlarning hammasida direktor Boboxon Sultonovning qo‘li borligi, unga qonuniy chora ko‘rish kerakligi, shuningdek, ushbu lavozimiga aynan transport sohasini tushunadigan rahbar olib kelishlari kerakligi haqida qat’iy fikr bildirilgan.

Chiptachi Dilorom Keldiyeva ham ushbu video orqali ish faoliyati bilan bog‘liq muammolari yuzasidan murojaat qilgan. “Toshshahartransxizmat” AJ ma’muriy binosida murojaatchilar va jamiyatning mas’ul xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazilib, murojaatlari tinglandi. Unda “Dilorom Keldiyeva muammosi ko‘rib chiqilib, shu joyning o‘zida hal qilindi”, -deyiladi AJning videomurojaatga bildirgan munosabatida.

Uchrashuvda qolgan xodimlarning ham e’tirozlariga quloq solinib, qisqa muddatda yechilishi mumkin bo‘lgan da’volari joyida hal qilingan. Vaqt talab qilinadigan murojaatchilarning vajlari esa mas’ul xodimlarga o‘rganib masalani ijobiy hal etish uchun biriktirilgan.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.