Tramp Ukraina tichligi uchun harakat qiladi, lekin Qrimni qaytarishga aralashmaydi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqotdan so‘ng, Tramp ma’muriyati davrida Rossiya bilan urush kutilganidan tezroq tugashi mumkinligiga ishonch bildirdi. Bu haqida BBC nashri xabar bermoqda.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, ular o‘rtasida konstruktiv suhbat bo‘lib o‘tgan. Trampning Rossiya bilan muzokaralar bo‘yicha biror talab qo‘ygan yoki yo‘qligini aniq aytmagan Zelenskiy, ammo yangi prezidentdan Ukrainaga zid keluvchi fikr eshitmaganini ta’kidladi.
Tramp avvalroq, agar saylovlarda g‘alaba qozonsa, Ukrainadagi urushni to‘xtatishni ustuvor vazifa deb bilishini bir necha bor ta’kidlagan edi. Shu bilan birga, u Ukraina uchun ko‘rsatilayotgan keng ko‘lamli harbiy yordamni AQSh resurslarining sarfi deb atab, bunday yordamni cheklashini bildirgan.
“Men ishonamanki, urush yangi ma’muriyatning siyosati tufayli tezroq tugaydi. Bu ularning yondashuvi va o‘z fuqarolariga bergan va’dasidir”, – dedi Zelenskiy Ukraina OAVga bergan intervyusida.
Biroq, saylovlardan ikki kun o‘tib, Trampning yaqin maslahatchisi Brayen Lanza yangi ma’muriyat tinchlikka erishish uchun harakat qilsa-da, Ukraina yo‘qotgan hududlarni, ayniqsa Qrimni qaytarishga yordam bermasligini bildirgan.
Zelenskiy urushni kelasi yilda tugatish uchun hamma narsani qilish kerakligini aytib, diplomatik yechimga umid qilayotganini bildirdi. Biroq muzokaralar faqat kuch pozitsiyasida va AQShning qo‘llab-quvvatlovi bilan boshlanishi kerakligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, u Rossiya prezidenti Vladimir Putin adolatli tinchlikka erishishga qiziqmasligini, ammo uning siyosiy izolyatsiyasini tugatish manfaatli bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
O‘tmishdagi murakkab munosabatlar
Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda Tramp Zelenskiy ma’muriyatiga bosim o‘tkazib, o‘z raqiblari ustidan tergov boshlashni talab qilgani uchun AQSh Kongressi demokratlari uni impichment qilishga harakat qilgan edi. Shuningdek, Tramp Ukraina uchun harbiy yordamni to‘xtatganlikda va Zelenskiyni Oq uyga taklif qilishni kechiktirganlikda ayblangan.
Hozirda Tramp Zelenskiy bilan yaxshi munosabatda ekanini va sentyabr oyida Nyu-Yorkda Ukraina prezidenti bilan uchrashganidan keyin ko‘p narsani anglaganini aytdi. U urushni juda tez tugatishini yana bir bor va’da qilgan.
Ammo uning qanday rejalari borligi hozircha aniq emas. Demokratlar Trampni Putin bilan yaqinlikda ayblab, uning yondashuvi Ukrainani taslim bo‘lishga majburlashi va Yevropa xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligini aytmoqdalar.
AQSh Kongressi yaqinda Ukrainaga 61 milliard dollar harbiy yordam paketini ma’qulladi. Fevral 2022 yildan iyun 2024 yilgacha AQSh Ukrainaga 55,5 milliard dollar miqdorida qurol va texnika yetkazib bergan.
Sharhlar