AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp o‘zining yangi ma’muriyatida ikkita muhim lavozimga tayinlash haqida e’lon qildi. Trampning birinchi prezidentlik davrida AQSh Migratsiya va bojxona xizmati direktori bo‘lgan Tom Xoman endi mamlakat chegaralari xavfsizligi va noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilish uchun javobgar bo‘ladi.
Nyu-York vakili Eliz Stefanik esa AQShning BMTdagi doimiy vakili etib tayinlanadi. Hozirda respublikachilar Kongress ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga kiritish arafasida turishibdi. Ularga Vakillar palatasida ozchilik o‘rinni egallash yetishmayapti, ammo Senatda ko‘pchilikka ega bo‘lishdi.
Trampning o‘z ijtimoiy tarmog‘i Truth Social orqali bergan xabariga ko‘ra, 62 yoshli Tom Xoman Janubiy chegaradan (Meksika bilan) Shimoliy chegaragacha (Kanada bilan) xavfsizlikni ta’minlash va barcha dengiz va aviatsiya chegaralarini himoya qilish bilan shug‘ullanadi. Tramp shuningdek, Xoman noqonuniy muhojirlarni vatanlariga deportatsiya qilish uchun ham javobgar bo‘lishini ta’kidladi va uning o‘z vazifasini yuqori saviyada bajara olishiga ishonishini bildirdi.
Tramp Stefanikning BMTdagi vakil lavozimini qabul qilishini New York Post orqali e’lon qildi. Stefanik 2014-yilda Kongressga eng yosh a’zo sifatida saylangan edi va vaqt o‘tib Trampning faol tarafdoriga aylandi. Tramp uni America First siyosati uchun kuchli va qat’iyatli kurashchi sifatida ta’rifladi. Stefanik, endi, Ukraina va Yaqin Sharqdagi inqirozli vaziyatlar davomida AQShning BMTdagi manfaatlarini himoya qiladi.
Sharhlar