O‘zbekistonda tug‘ilish darajasi pasaydi
O‘zbekistonda 2024-yil yanvar-iyun oylarida tirik tug‘ilganlar soni 419,9 ming kishini tashkil etdi, bu haqda Statistika agentligi hisobotida aytiladi. Taqqoslash uchun 2023-yilning shu davrida ushbu ko‘rsatkich 434,6 ming kishiga teng bo‘lgan.
Bu yilgi ko‘rsatkichdan o‘g‘il bolalar soni 218,1 ming kishini, qiz bolalar soni 201,8 ming kishi, tirik tug‘ilganlar soni shahar joylarida 212,3 ming kishini, qishloq joylarida 207,6 ming kishini tashkil etdi.
2024-yil yanvar-iyun oylarida tug‘ilgan chaqaloqlar otasining yoshi bo‘yicha 9,9 % chaqaloqlar otasining yoshi 25 yoshgacha, 82,9 % ining otasi 25-39 yoshlarga hamda 7,2 % chaqaloqlarning otasi 40 yosh va undan katta yoshdagilar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, tug‘ilgan chaqaloqlar onasining yoshi bo‘yicha 37,4 % chaqaloqlar onasining yoshi 25 yoshgacha, 61,3 % ining onasi 25-39 yoshlarga hamda 1,3 % chaqaloqlarning onasi 40 yosh va undan katta yoshdagilardan iborat bo‘lgan.
Tug‘ilganlar sonining eng ko‘p ulushi Samarqand viloyatida 12,0 % ga, Farg‘ona viloyatida 11,2 % ga, Qashqadaryo viloyatida 10,5 % ga, Andijon viloyatida 9,2 % ga va Surxondaryo viloyatida 9,0 % ga teng bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, tug‘ilganlar sonini aniqlashda Oila kodeksiga muvofiq, tug‘ilgan chaqaloqning onasi yoki otasining doimiy yashash joyiga qarab tug‘ilgan hududi aniqlanadi hamda o‘sha hududning aholisi soniga qo‘shiladi.
Sharhlar