UzAuto Motors: Qirg‘izistonda avtobuslar, yengil va yuk avtomobillarini ishlab chiqarish boshlandi

Фото: Uzauto motors

2024-yil 18-iyul kuni Qirg‘izistonning Ak-Suu shahrida yengil va yuk avtomobillari hamda avtobuslarni ishlab chiqaradigan TULPAR MOTORS zavodining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi munosabati bilan o‘tkazildi. Bu haqda UzAuto Motors axborot xizmati xabar bermoqda.

Loyiha “UzAuto Motors” AJ va “SamAvto” MChJ QK tomonidan 2023-yil 27-yanvardagi Qirg‘iziston Respublikasida avtomobil va tijorat texnikasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga muvofiq amalga oshirildi. “DT-Texnik” MChJ Qirg‘iziston tomondan hamkor sifatida ishtirok etdi.

Qo‘shma korxonaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov loyihani rasman ishga tushirish uchun ramziy start tugmasini bosdi. Ikki mamlakat o‘rtasida tashqi savdo, o‘zaro investitsiyalar, kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, transport sohasida hamkorlik qilish uchun ulkan salohiyat faol amalga oshirilayotgani qayd etildi. Qirg‘izistonda quvvatlarida yengil, yuk avtomobillar va avtobuslar ishlab chiqaradigan “DT-Technik” zavodining ishga tushirilishi buning yorqin isbotidir.

Shuni ta’kidlash joizki, zavod 4,7 gektar maydonni egallaydi, shundan 2,8 gektar maydon SKD ishlab chiqarish uchastkalari uchun ajratilgan.

– Birinchi bosqichda yiliga 10 ming dona avtomobil texnikasini ishlab chiqarish, kelgusida esa 30 minggacha kengaytirish rejalashtirilgan, – deydi UzAuto Motors AJ bosh direktori Bo Andersson.

Ayni paytda “TULPAR MOTORS” ishlab chiqarish quvvatlarida General Motors (SKD) texnologiyasidan foydalangan holda Chevrolet Cobalt, Damas, Labo, Onix va Tracker avtomobillarini ishlab chiqarish boshlandi.

“DT-Technik” MChJ vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning raqobatbardosh ustunligi qulay va muvozanatli narx nisbati, funksionallik va sifatida bo‘ladi.

Bundan tashqari, yangi korxonada Samarqand avtomobil zavodining tijorat texnikalari: ISUZU NPR75L va ISUZU NMR77H shassilaridagi yuk mashinalar, ISUZU D-MAX pikaplari, shuningdek, past sathli SAZ LE60 shahar avtobusi va SAZ HD50 shaharlararo avtobuslari yig‘iladi. Eslatib o‘tamiz, SAZ LE60 avtobusi O‘zbekistonda loyihalangan va ishlab chiqarilgan yagona past sathli avtobus hisoblanadi.

–    Qirg‘iziston va “SamAvto” o‘rtasidagi hamkorlik 7 yil davomida barqaror rivojlanib bormoqda. 2023-yilda 347 dona tijorat texnikalarini yetkazib berib, yuqori natijani qayd etdi. Joriy yilda “TULPAR MOTORS” MChJ korxonasi ishlab chiqarish quvvatini qariyb 140 donaga tashkil etish rejalashtirilgan, – deydi “SamAvto” MChJ QK bosh direktorining “Marketing va savdo” bo‘yicha o‘rinbosari Ilhom Yarashev.

Kelajakda TULPAR MOTORS zavodining modellar qatori 20 dan ortiq turli avtomobil texnikasini, xususan, yengil avtomobillar, krossoverlar, pikaplardan tortib yuk avtomobillariyu avtobuslarni o‘z ichiga qamrab oladi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.