Tumanlarda 75 ming gektar samarasiz bog‘lar borligi ta’kidlandi
Qishloq xo‘jaligi vazirligiga Xitoy va Turkiya tajribasi asosida qishloq xo‘jaligida urug‘chilik tizimini to‘liq qayta ko‘rib chiqib, ekinlar gen bankini kengaytirish choralarini ishlab chiqish topshirildi. Ushbu ishlarga 24 million dollar mablag‘ yo‘naltiriladi.
Shuningdek, tumanlarda 75 ming gektar samarasiz bog‘lar borligi, har yili 1 ming gektardan bog‘ni tiklash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bu borada yangi tizim joriy qilinib, unga ko‘ra hokimliklar sanoatlashgan bog‘larni yaratish uchun buyurtma beradi, loyihalarini ishlab chiqib, tadbirkorlarga 30 yilga ijaraga beradi va ushbu bog‘larni yaratish uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi orqali imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Mutasaddilarga 75 ming gektar samarasiz bog‘lar hamda 100 ming gektar past hosilli paxta, g‘alla va boshqa ekin yerlari o‘rnida sanoatlashgan bog‘ va tokzorlar barpo qilish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.
Bundan tashqari, paxta-to‘qimachilik klasterlarining moliyaviy barqarorligi bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. Ularga berilgan imtiyozli kredit muddati 2025 yil 1 aprelgacha uzaytirilishi belgilandi.
O‘tgan yili paxta yetishtirish uchun olingan kreditni muddatida to‘liq qaytargan klasterlarga imtiyozli kreditning 8 foizi qaytariladi.
Bu yil paxta xaridi uchun imtiyozli kredit klasterlarning ip-yigiruv korxonalariga beriladi.
Klasterlar sotib olingan paxta tozalash zavodi qiymatining kamida 35 foizini to‘lasa, bu mulkni garovga qo‘yishga ruxsat beriladi.
Mutasaddilarga chuqur tahlil qilib, iqtisodiy samarasiz, moliyaviy majburiyati yuqori bo‘lgan klasterlar maqomini qayta ko‘rib chiqish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yil boshidan qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarishni moliyalashtirishga 1 trillion 115 milliard so‘m yo‘naltirildi. Bu o‘z samarasini berib, korxonalar to‘liq quvvatda ishlashni boshladi. Hududlarga 5 ming 781 ta texnika yetkazib berildi.
Hokimlarga unumdorlikni oshirish uchun paxta, meva-sabzavotchilikda mexanizatsiya darajasini 50 foizga yetkazish topshirildi. Buning uchun yil oxirigacha fermer va dehqonlarni yana 6,5 mingta texnika bilan ta’minlash muhimligi qayd etildi.
Yig‘ilishda komplekslar rahbarlari, vazirlar va hokimlarning hisobotlari va rejalari tinglandi.
Sharhlar