Tunda fuqarolarning osoyishtaligini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Loyiha bilan aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilishning asosiy prinsiplari, atrof tabiiy muhitga shovqin orqali zararli ta’sir ko‘rsatganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari, aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish sohasidagi davlat organlarining vakolatlari belgilab qo‘yildi.
Qonun loyihasida fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan harakatlarning qat’iy ro‘yxati tasdiqlandi, shuningdek fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzishga yo‘l qo‘yilmaydigan vaqtlar oralig‘i belgilandi.
Ya’ni, tungi vaqtda — sutkaning soat 23:00 dan 06:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida, shuningdek dam olish kunlari va qonunchilik bilan belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari soat 22:00 dan 09:00 gacha vaqt oralig‘ida — fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish taklif etildi.
Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatda aholining qulay tabiiy muhitda hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, ularning salomatligi va osoyishtaligini har qanday zararli shovqinlar ta’siridan himoya qilish borasida samarali huquqiy mexanizmlarni yaratishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Sharhlar