Toshkent viloyatida turar joy binosi cho‘kkani haqidagi xabarlar rad etildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatida turar joy binosi cho‘kkani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi rasmiy munosabat e’lon qildi. Ushbu holat aslida Namangan viloyatida aniqlangan.
Mazkur holat Namangan viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilgan.
Mazkur holatga ichimlik suvi tarmog‘ida yuzaga kelgan nosozlik sabab bo‘lgan. Suv sizib chiqib, binoning ikki yon tomonida to‘planishi natijasida turar joy atrofidagi beton yo‘lak (otmoska)larda cho‘kish hosil bo‘lgan va granit plitalar binoning poydevoridan ko‘chgan.
Asosi va yerto‘la qismi o‘rganilganda esa yon va to‘suvchi devorlarda yorilish hamda pol qismida cho‘kish holatlari kuzatilmagan.
Quruvchi tomonidan muammo aniqlanishi bilan joyida binoning ikki yon tomon yo‘lagidagi cho‘kish holati bartaraf etilib, beton yo‘laklari qayta taʼmirlangan hamda sokol qismidagi poydevordan ko‘chgan granit plitalar joyiga o‘rnatilib, holat bartaraf etilgan.
Sharhlar