Turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab Respublikasdagi davlat oliy ta’lim muassasalarida turizm va mehmonxona xo‘jaligi sohalarida kadrlar tayyorlash tizimi uch yillik oliy ta’lim dasturlari asosida yo‘lga qo‘yiladi va o‘quv jarayoni “blok-modul” tizimiga asoslangan dual ta’lim shaklida tashkil etiladi. Bunda, o‘quv jarayonlarining nazariy va amaliy mashg‘ulotlar ulushi:
- birinchi bosqichda – 80 foiz nazariy va 20 foiz amaliy;
- ikkinchi bosqichda – 50 foiz nazariy va 50 foiz amaliy;
- uchinchi bosqichda – 30 foiz nazariy va 70 foiz amaliy bo‘lishi nazarda tutiladi.
2024-yil 1-avgustdan boshlab turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini amaliyot bilan birga olib borish maqsadida ularning hududlarida byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan amaliyot bazalarini (turoperator, turagent, gid-tarjimon, mehmonxona va turizm transporti xizmatlarini ko‘rsatish ob’ektlari) belgilangan tartibda tashkil etishga ruxsat beriladi.
2027-yil 1-yanvarga qadar turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarining amaliyot bazalarida ko‘rsatilgan xizmatlar uchun foyda solig‘i ushbu soliq bo‘yicha belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘lanadi. Bunda, ushbu soliq imtiyozini qo‘llash natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar tashkil etilayotgan xizmatlar ko‘rsatish ob’ektlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Mazkur qaror bilan 2024-2025-yillarda turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda oliy ta’lim muassasalari tomonidan hududlarda turizmni rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ham tasdiqlandi.
2025/2026-o‘quv yilidan boshlab Samarqand shahridagi Xalqaro turizm akademiyasida mehmonxonalar va restoranlar uchun yuqori malakali xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi gid-tarjimonlar sonini oshirish maqsadida, oliy ta’lim muassasalari huzurida shartnoma asosida arab, yapon, xitoy, hind, ispan, italyan, koreys, urdu, indonez va malay tillarida xizmat ko‘rsatuvchi gid-tarjimonlarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shimcha kurslar tashkil etiladi.
Sharhlar