Turkiya 2024-yilning 3-choragini turizmda rekord natija bilan yakunladi

Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi Istanbuldagi matbuot anjumanida Turkiyaning 2024 yil 3-choragidagi turizm natijalarini e’lon qildi. Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy 2024 yilning 9 oyida Turkiyaga tashrif buyurgan sayyohlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 foizga ortib, 49,2 million kishiga yetganini ma’lum qildi.

Xuddi shu davrda Turkiyaning turizmdan tushgan daromadi 7 foizga o‘sib, 46,9 milliard dollarni tashkil etdi. Turkiyada xalqaro sayyohning kunlik o‘rtacha xarajati kishi boshiga 107 dollarga yetdi. “Bu yilning dastlabki 9 oylik ko‘rsatkichlari Turkiya Respublikasining shu kungacha erishgan eng yuqori natijasidir, shuning uchun yil yakuni maqsadimiz sayyohlar sonini 61 milliondan oshirish!” – deydi Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy.

Istanbul va Antaliyada turistlar soni bo‘yicha kuchli o‘sish qayd etildi

Turkiyaning eng yirik metropolisi Istanbul 9 oy ichida 14 milliondan ortiq xalqaro ziyoratchini qabul qildi. Istanbulning eng yirik turistik markazlari bo‘lgan Tarixiy yarim orol, Taksim maydoni, Karako‘y tumanlari va shaharning Yevropa va Osiyo tomonidagi Bosfor bo‘g‘ozi Amerika, Yevropa, Afrika, Avstraliya va Osiyo mintasining 200 dan ortiq davlatidan sayyohlarni qabul qilib, 7 foizlik o‘sishga erishdi. “Turkiyaning turizm poytaxti” sifatida tanilgan Antaliya 13,3 milliondan ortiq sayyoh bilan Sharqiy O‘rtayer dengizidagi yetakchiligini saqlab qoldi.

Turkiyaning eng yirik bozorlarida barqaror o‘sish kuzatildi

Turkiyaning yirik turistik markazlari Antaliya, Istanbul, Izmir va Mug‘laga sayyohlarning oqimi natijasida Turkiyaning an’anaviy eng yirik bozorlari bo‘lgan Rossiya, Germaniya va Buyuk Britaniya o‘sishda davom etmoqda.

2024-yilning yanvar-sentyabr oylari orasida rus sayyohlarining soni 6 foizga o‘sib, 5,5 milliondan ortiqni tashkil etdi. Xuddi shu davrda nemis turistlari soni 5,2 milliondan oshdi, Germaniya bozori esa 6 foizga o‘sdi. Yilning birinchi 9 oyida Turkiyaga deyarli 3,7 million britaniyalik ziyoratchi tashrif buyurdi va Buyuk Britaniya bozorida 17% o‘sish qayd etildi. Xitoylik sayyohlarning soni o‘tgan yilga nisbatan 84% o‘sish bilan 312.000 dan oshdi. Turkiyaga tashrif buyuruvchilar mamlakatning chuqur madaniy va tarixiy merosi, boy gastronomik madaniyati va shahar tajribasi, shuningdek, uning ajoyib manzaralaridan bahramand bo‘lishadi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.