Ukraina Mudofaa vaziri Rustem Umerov Janubiy Koreyaga harbiy yordam so‘rab tashrif buyuradi

Foto: ochiq manba

Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov boshchiligidagi delegatsiya yaqin kunlarda Janubiy Koreyaga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Tashrif davomida ular Janubiy Koreyadan harbiy yordam, jumladan, havo hujumiga qarshi raketalar va artilleriya tizimlari yetkazib berish masalasini muhokama qiladi.

Bu haqda South China Morning Post nashriga asoslanib, RBK-Ukraina xabar bermoqda.

Manbalarning ma’lum qilishicha, Kiyev Janubiy Koreya hukumatiga harbiy yordam so‘ralgan aniq takliflar ro‘yxatini taqdim etmoqchi. Janubiy Koreya avval faqat noharbiy yordam bilan cheklangan edi, biroq Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi harbiy hamkorlik kuchayganidan so‘ng, Seul o‘z pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishi mumkin.

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol yaqin kunlarda Rossiya-Shimoliy Koreya o‘rtasidagi yaqinlashuvni kuzatar ekan, Ukraina bilan harbiy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganishga tayyor ekanini bildirdi. Biroq bu masalada Janubiy Koreya ichki siyosiy va tashqi bosimlarga duch kelmoqda.

Rossiya esa Seulni Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib bermaslikka ogohlantirdi. Rossiya tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Andrey Rudenko bu kabi qarorlar Janubiy Koreya va Rossiya o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikka zarar yetkazishi mumkinligini ta’kidladi.

Ekspertlar Seulning qarori mamlakat ichki siyosati, xalqaro munosabatlar va AQShda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovlari kabi omillarga bog‘liqligini qayd etmoqda. Janubiy Koreya mudofaa vaziriga qarshi muxolifatning kuchli qarshilik ko‘rsatishi, hatto impichment talabi bilan chiqish ehtimoli ham tilga olinmoqda.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ushbu tashrif doirasida Janubiy Koreyaga havo mudofaa tizimlari va artilleriya qurollari bo‘yicha batafsil talabnoma yuborilishini tasdiqladi.

Mazkur tashrif Rossiya va Shimoliy Koreya harbiy aloqalari fonida Ukrainaga qo‘shimcha yordam izlash harakatlarining bir qismi sifatida baholanmoqda.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.