Ukrainada “Vagner” XHK safida jang qilgan o‘zbekistonlik fuqaro 2,5 yilga majburiy ishlarga hukm qilindi

Фото: Апостроф

O‘zbekistonda sud 26 yoshli Shavkat Yo‘ldoshevni yollanma ish bo‘yicha “Vagner” XHK saflarida Ukrainaga qarshi urushda qatnashgani uchun (Jinoyat kodeksi 154-moddasi 1-qismi) ikki yilu olti oyga majburiy mehnatga hukm qildi. Bu haqda Migrant portali xabar beradi, deb yozadi Current time.

Yo‘ldoshev 2019-yilda pul ishlash maqsadida Rossiyaga jo‘nab ketgan. U o‘sha yerda quruvchi bo‘lib ishlagan, biroq 2021-yilda giyohvandlik vositalarini noqonuniy ishlab chiqarish, sotish yoki jo‘natish (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 228-1-moddasi) moddasi bo‘yicha yetti yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

2022-yil kuzida u Rossiya koloniyasidan “Vagner” XHKga yollangan, shundan so‘ng u Ukrainaga qarshi jangga ketgan. Erkak olti oy frontda bo‘lib, “Jasorat uchun” medali bilan taqdirlangan. 2023-yil avgustida Yo‘ldoshev O‘zbekistonga qaytib kelgan va u yerda hibsga olingan.

Ukrainada Rossiya tomonida nafaqat O‘zbekistondan, balki Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan ham muhojirlar jang qilmoqda: qoida tariqasida, bular Rossiya koloniyalarida sudlangan va jazo muddatini o‘taganlar, lekin ixtiyoriy ravishda yollanganlar ham bor. Mahkumlarni olti oy ichida ozodlikka chiqish imkoniyati, o‘z ixtiyori bilan harbiy xizmatga kirganlarni esa osonlik bilan Rossiya fuqaroligi va pul olish imkoniyati o‘ziga tortadi.

Rossiya fuqaroligini olgan muhojirlar ham urushga yuboriladi. Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining rahbari Aleksandr Bastrikin iyun oyi oxirida Rossiyada 30 mingdan ortiq muhojir “qo‘lga olingani”, ulardan 10 ming nafari urushga jo‘natilganini aytdi. “Biz Konstitutsiya va qonunlarning fuqarolikni olgan shaxslar harbiy ro‘yxatga olinishi, zarur hollarda harbiy xizmatni o‘tashi kerakligi to‘g‘risidagi bandlarini hayotga tatbiq etishga kirishdik”, — dedi u.

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.