Urganch xalqaro aeroporti aerodromi kapital ta’mirdan so‘ng ochildi
Urganch xalqaro aeroporti 2024-yil 5-avgustdan faoliyatini tikladi. Toshkent vaqti bilan soat 11:00 da samolyotlarning uchib kelishi/ uchib ketishi bo‘yicha barcha cheklovlar olindi. “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Toshkent – Urganch yo‘nalishi bo‘yicha birinchi HY57 reysi bortida 146 nafar yo‘lovchi bilan soat 21:55 da Urganch aeroportiga qo‘ndi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
“Avval xabar qilinganidek, qurilish-ta’mirlash ishlari muddatidan oldin yakunlandi, buning natijasida aeroport belgilangan muddatdan ikki kun oldin ochildi. Pudratchi sifatida “Urganch yoʻllardan muntazam foydalanish” davlat unitar korxonasi, bosh loyihachi sifatida “Niiat” injiniring kompaniyasi ishlarni amalga oshirdi. Qoplamaning laboratoriya tadqiqotlari O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi Transport sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining tahliliy-sinov bo‘limi tomonidan amalga oshirildi”, – deiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Urganch xalqaro aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagini kapital ta’mirlash ishlari boshlangani munosabati bilan joriy yilning 20-iyul kuni o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan edi. Ikki hafta ichida katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. Jumladan, uzunligi 3000 m va eni 45 m boʻlgan uchish-qoʻnish yoʻlagi qoplamasi almashtirildi va mustahkamlandi, ikkinchi va uchinchi yurish yoʻlaklari kapital taʼmirlandi.
Bu aeroportga Boeing787 va AirbusA330 kabi keng fyuzelyajli samolyotlarni cheklovlarsiz qabul qilish va o‘z navbatida Urganch shahriga reyslar soni va yo‘lovchilar oqimini ko‘paytirish imkonini beradi.
Sharhlar