Urganch xalqaro aeroporti rejada belgilangan vaqtdan ikki kun avvalroq ochiladi
Urganch xalqaro aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagini kapital ta’mirlash ishlari boshlangani munosabati bilan joriy yilning 20-iyul kuni o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan edi. Rekonstruksiya davrida barcha reyslar Nukus xalqaro aeroportiga yo‘naltirilgan va barcha yo‘lovchilar Nukus aeroportigacha transport bilan ta’minlangan edi.
Urganch xalqaro aeroporti 2024-yil 5-avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 11:00 da o‘z faoliyatini tiklaydi. Qurilish-ta’mirlash ishlari belgilangan muddatdan avvalroq yakunlandi. Rejaga muvofiq ta’mirlash ishlari aeroportda 7-avgustga qadar amalga oshirilishi kerak edi.
Ikki hafta ichida uzunligi 3000 m va eni 45 m bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi qoplamasi almashtirildi va mustahkamlandi, ikkinchi va uchinchi yurish yo‘laklari kapital ta’mirlandi. Bu aeroportga Boeing 787 va Airbus A330 kabi keng fyuzelyajli samolyotlarni cheklovlarsiz qabul qilish va o‘z navbatida Urganch shahriga reyslar soni va yo‘lovchilar oqimini ko‘paytirish imkonini beradi.
Urganch shahridagi uchish-qo‘nish yo‘lagini kapital rekonstruksiya qilish ishlari oxirgi marta 1997-yilda, shikastlangan qismlarini qisman ta’mirlash esa 2018-yilda amalga oshirilgan edi.
Sharhlar