Urganch xalqaro aeroporti vaqtinchalik yopiladi

Foto: Uzbekistan Airports

Urganch xalqaro aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagi rekonstruksiya qilinishi munosabati bilan 2024-yilning 20-iyulidan 7-avgustiga qadar yopiladi.

Rekonstruksiya davrida barcha rejalashtirilgan reyslar Nukus xalqaro aeroportiga yo‘naltiriladi. “Uzbekistan Airports” yoʻlovchilarga Nukus va Urganch aeroportlari oʻrtasida bepul transfer xizmatini taqdim etadi. Avtobuslar yo‘lovchilarni jo‘nab ketishda ham, uchib kelishda ham manzil aeroportiga olib boradi.

Masalan, Urganchdan Moskvaga HY-9615 reysi bilan uchayotgan yo’lovchilar Urganch aeroportiga soat 23:00 da yetib kelishlari lozim. Jadvalga ko‘ra, avtobuslar yo‘lovchilarni Urganch aeroportidan soat 23:30 da olib ketadi. Soat 02:30 da yoʻlovchilar Nukus aeroportiga yetkaziladi va u yerdan Moskvaga uchishadi. Moskvadan qaytgan yo‘lovchilarni Nukusdan Urganchga yetkazish jarayoni ham xuddi shunday tashkil etiladi. Nukus aeroportida chegara nazoratidan o‘tib, yuklarni qabul qilib olgan yo‘lovchilarni Urganchga yo‘l oladigan avtobuslar kutib turadi.

Yo’lovchilar har bir alohida yo’nalish bo’yicha to’liq avtobuslar qatnovi jadvalini ushbu havola orqali topishlari mumkin. Qoʻshimcha maʼlumot uchun “Uzbekistan Airports” Aloqa markaziga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilsa bo’ladi: +998 55 501 45 55.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.