Urumchi shahrida sakkizinchi “Xitoy-Yevroosiyo” xalqaro ko‘rgazmasi ish boshladi
26-iyun kuni Xitoy Xalq Respublikasining Urumchi shahrida sakkizinchi “Xitoy-Yevroosiyo” xalqaro ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Bosh vazir matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Tadbirda faxriy mehmon sifatida O‘zbekiston, Qirg‘iziston Bosh vazirlari, Tojikiston, Qozog‘iston Bosh vazirlarining o‘rinbosarlari, shuningdek, 40 dan ortiq xorijiy hukumatlar vakillari ishtirok etdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ham so‘zga chiqgan.
“So‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib, yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlikning yangi modeliga aylanayotganini ta’kidlab, bunda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasidagi samimiy munosabatlar hamda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida qayd etdi”, – deyiladi xabarda.
Xitoylik hamkorlar bilan energetika, kimyo, mashinasozlik, tekstil, qurilish materiallari, maishiy texnika, tibbiy asbob-uskunalar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani bildirildi.
Savdo iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida mintaqa mamlakatlari uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi boshlanayotgani ma’lum qilindi.
Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Xitoyning Markaziy Osiyoga darvozasi hisoblanishi, bunday formatdagi tadbir esa o‘zaro hamkorlikni izchil va mantiqiy davom ettirishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, Urumchi shahriga tashrif doirasida Xitoyning “China State Construction Engineering Corporation”, “Shina Energy International Group” va boshqa kompaniyalari bilan ham ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi.
Shuning bilan O‘zbekiston delegatsiyasining Xitoyga tashrifi yakuniga yetgan.
Sharhlar