Uzbekistan Airports samolyotda qanday mahsulotlarni olib o‘tish mumkinligi haqida ma’lumot berdi
Uzbekistan Airports aviakompaniyasi qo‘l yukida qanday meva-sabzavotlar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini olib o‘tish mumkinligi haqida ma’lumot berdi.
Reza-mevalar, meva va sabzavotlarni qo‘l yukida ham, bagajda ham olib o‘tishga ruxsat beriladi. Tez ayniydigan mahsulotlarni qo‘l yukida qulay qadoqlarda, masalan, plastik savat yoki qopqoqli konteynerlarda olib o‘tish tavsiya etiladi, chunki aksariyat aviakompaniyalar yo‘lovchilar bagajida ularning xavfsizligi uchun javobgar emas.
Go‘sht va go‘sht mahsulotlari havo o‘tkazmaydigan vakuumli qadoqlarga joylashtirilishi kerak. Non mahsulotlarini plastik yoki mato paketga solish mumkin.
Ziravorlarni o‘tkir hidi tufayli bagajda olib o‘tish tavsiya etiladi. Shuningdek, alkogolli va boshqa ichimliklarni faqat bagajda olib o‘tishga ruxsat etiladi, bunda ularni avvaldan polietilenga qadoqlab, shikastlanmaslik uchun yumshoq matolarga o‘raladi.
Agar oziq-ovqat qo‘l yukida olib o‘tilayotgan bo‘lsa, siz har bir aviakompaniyaning qoidalari va standartlarini hisobga olishingiz kerak. Agar paket ruxsat etilgan o‘lchamlardan oshib ketgan bo‘lsa, uni plastik idishga, yog‘och qutiga yoki qalin karton qutiga o‘rash va bagajga topshirish kerak.
O‘zbekiston aeroportlaridan oziq-ovqat mahsulotlarini olib chiqish uchun qonunchilikda to‘siqlar yo‘q, mahsulot miqdori ruxsat etilgan me’yorlardan oshib ketgan va eksport deb hisoblanishi mumkin bo‘lgan holatlar bundan mustasno.
Bularning barchasi aniq aviakompaniya qoidalariga va boradigan mamlakat qonunchiligiga bog‘liq. Ushbu qoidalar bilan aviatashuvchining veb-saytlarida va belgilangan mamlakatning tegishli manbalarida oldindan tanishib chiqish tavsiya etiladi.
Sharhlar