“Uzbekistan Airports” Yevropa xalqaro aeroportlar kengashiga qo‘shildi

“Uzbekistan Airports” kompaniyasi butun dunyo bo‘ylab aeroportlarni boshqaradigan 2000 ga yaqin operatorlarni birlashtirgan tashkilot – Yevropadagi xalqaro aeroportlar kengashi (ACI Europe) a’zosi bo‘ldi.

“ACI Europe” maqsadlari tashkilotga a’zo aeroportlar manfaatlarini ifodalash, aviakompaniyalar va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish yo‘llarini izlash, aeroport operatorlari manfaatlarini nazorat qiluvchi organlar va qonun chiqaruvchi tuzilmalarda, shuningdek, bu borada jamoatchilik fikrini shakllantirishga ta’sir qiluvchi doiralarda ilgari surishdan iborat.

“ACI Europe” aeroportlarning xavfsiz, ishonchli va samarali ishlashini ta’minlagan holda aviatsiya sektorining barqaror o‘sishiga ko‘maklashadi. Ushbu global tashkilotga qo‘shilishning ko‘plab afzalliklari bor, jumladan uning resurslari, sanoatning ilg‘or tajribalari va xalqaro aeroportlar mutaxassislarining keng tajribasidan foydalanish imkoniyatini beradi. Bu bizga yo‘lovchilar tashuvini yaxshilash, faoliyat standartlarini oshirish va aviatsiya sanoatining barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shish bo‘yicha umumiy maqsadlarni muvofiqlashtirish imkonini yaratadi. “Uzbekistan Airports” kompaniyasi “ACI Europe” bilan uzoq muddatli va samarali hamkorlikka intiladi. Biz birgalikda nafaqat aeroport xizmatlari sifatini oshirish, balki O‘zbekiston aeroportlarining global aviatsiya maydonidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiluvchi innovatsion yechimlar ustida ishlash niyatidamiz”, — deya izoh berildi boshqaruv kompaniyasida.

“ACI Europe” aeroportlarda tajriba almashish, konferensiyalar va ko‘rgazmalar tashkil etish, innovatsiyalar va texnologik yangiliklarni tatbiq etishda muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekiston aeroportlarining Aeroportlar kengashiga qo‘shilishi jahon aeroportlari bilan faol hamkorlik qilish, jumladan global aviatsiya siyosati va qonunchiligini rivojlantirishga ko‘maklashish uchun keng imkoniyatlarni ochib beradi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.