Vazirlar Mahkamasi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilgan fuqaroning ishi o’zgarishsiz qoldirildi
Vazirlar Mahkamasi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilib, arizasi qabul qilinmagan fuqaroning ishi Oliy sudning apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqildi hamda o‘zgarishsiz qoldirildi.
Arizachi M. Subxanov Oliy sudga murojaat qilib, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-apreldagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bilan tasdiqlangan 2024-yil 1-maydan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining bazaviy me’yorlarini haqiqiy emas, deb topishni so‘ragan.
Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 27-moddasi (sud tomonidan hal etiladigan ishlar) 1-qismi 1-bandiga ko‘ra ma’muriy sudlar idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi ishlarni hal qilishi belgilangan.
“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasi (normativ-huquqiy hujjatlarning turlari)ga muvofiq Vazirlar Mahkamasining qarori normativ-huquqiy hujjat hisoblanib, uning ustidan nizolashish ma’muriy sudlovga taalluqli emas.
M.Subxanovning arizasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 133-moddasi (arizani (shikoyatni) ish yuritishga qabul qilishni rad etish) 1-qismi 1-bandiga muvofiq ish ma’muriy sudga, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga yoki iqtisodiy sudga taalluqli bo‘lmaganligi sababli Oliy sud sudyasining 2024-yil 19-iyundagi ajrimi bilan M.Subxanovning arizasini ish yuritishga qabul qilish rad etilgan.
Bugun Oliy sudning ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida ushbu ajrim ustidan arizachi M.Subxanovning apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilib, Oliy sud sudyasining 2024-yil 19-iyundagi ajrimini bekor qilishga asoslar aniqlanmaganligi sababli Oliy sudning apellyatsiya instansiyasining qarori bilan mazkur ajrim o‘zgarishsiz qoldirildi.
Sharhlar