Vengriya O‘zbekistonga yangi turdagi bankomat uskunalarini yetkazib beradi
O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov Vengriyaning “Spectrum” kompaniyasi direktori Jozef Kovach bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Unda “Spectrum” kompaniyasi tomonidan O’zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar portfelini kengaytirish va joriy oktabr oyida Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tadigan O’zbekiston-Vengriya biznes-forumiga tayyorgarlikning borishi bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Jozef Kovachning aytishicha, hozirda ushbu kompaniya O’zbekistonga yangi turdagi bankomat uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha loyiha ustida ish olib borilmoqda. “12-15 oktabr kunlari AQShda “NSR” kompaniyasining yangi mahsulotlarning taqdimoti bo‘lib o‘tadi va bu kabi yangi innovatsion imkoniyatlarni birinchilardan bo‘lib O’zbekistonda tatbiq etish rejalashtirilgan”, dedi u.
U, shuningdek, O’zbekistonda “Kartoshkachilik markazi”ni tashkil etish bo‘yicha ishlar qizg‘in kechayotganini bildirdi. Qayd etilishicha, kompaniya mutaxassislari tajriba tariqasida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida Vengriya kartoshka navlarini ekib, tadqiqot natijalarini kutmoqda. Shuningdek, “Spectrum” kompaniyasi rahbari yangi yo‘nalishlardan biri bo‘lgan baliqchilik sohasida ham hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Tomonlar joriy oktabr oyida Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan biznes-forumga Budapesht Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda Vengriyaning yetakchi tadbirkorlarini jalb qilish va tadbirni yuqori darajada o‘tkazishga barcha kuch hamda imkoniyatlarni safarbar etishga kelishib oldilar.
Sharhlar