Vengriyada Alisher Navoiyga bag‘ishlab byust o‘rnatildi
Mamlakatimizning Budapeshtdagi elchixonasi ko‘magida Vengriyaning Lakitelek shahrida ulug‘ mutafakkir bobokalonimiz Alisher Navoiyga bag‘ishlab o‘rnatilgan byustning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Madaniyat vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, ushbu byust Vengriya-O’zbekiston diplomatik aloqalari tarixida O’zbekistonga bag‘ishlab Vengriyada ochilgan birinchi madaniy yodgorlikdir. Ushbu loyiha vengriyalik haykaltarosh Dyordji Lantos tomonidan amalga oshirilgan.
Byustning ochilish marosimida O’zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tojixonov, mamlakatimizning Vengriyadagi elchisi Oybek Shaxavdinov, O’zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov, O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ilyosbek Arabov va boshqa madaniyat hamda san’at vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Vengriya davlat parlamenti spikeri o‘rinbosari Shandor Lejak, Tashqi ishlar va savdo vazirligining xavfsizlik siyosati bo‘yicha davlat kotibi Piter Staray, Madaniyat va innovatsiyalar vazirligining madaniyat masalalari bo‘yicha davlat kotibi Magdolna Zavogya hamda siyosiy, madaniy doira vakillari, olimlar, jurnalistlar, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar Alisher Navoiy byusti poyiga gulchambarlar qo‘ydilar.
Tadbirda shuningdek, Vengriyaning “Sharqqa nigoh” siyosati doirasida turkiy davlatlar bilan aloqalar, xususan madaniy hamkorlik rivojlanayotgani alohida ta’kidlanib, Alisher Navoiyga o‘rnatilgan byust venger va o‘zbek xalqlari o‘rtasida ming yillar davomida madaniy ko‘prik bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Tadbir davomida O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ilyos Arabov boshchiligidagi san’atkorlar jamoasi buyuk mutafakkir Alisher Navoiy g‘azallariga bastalangan mumtoz qo‘shiqlarni ijro etdi.
Ushbu tadbir O’zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi strategik sheriklik ruhiga mos tarzda do‘stona va samimiy muhitda o‘tdi.
Sharhlar