Viloyatlarda baliqlarga omuxta yem ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil etiladi

Joriy yilda baliqchilik sohasida umumiy qiymati 870 mlrd. so‘m bo‘lgan 234 ta loyiha shakllantirildi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi axborot xizmati rahbari Zilola Ro‘ziyeva ma’lum qildi.

Ushbu loyihalarning ishga tushirilishi natijasida 2000 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.

“Baliqchilik tarmog‘ining bugungi kundagi eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan sovuq suv baliqlarini yetishtirish bo‘yicha joriy yilning o‘zida quvvati 4 ming tonna bo‘lgan 21 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan”, – deyiladi xabarda.

Baliq ozuqasini mustahkamlash maqsadida yillik ishlab chiqarish quvvati 30 ming tonna bo‘lgan 3 ta,  ya’ni Surxondaryo, Namangan hamda Xorazm viloyatlarida baliqlarga omuxta yem ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil etiladi.

Joriy yilda Andijon, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida lichinka ishlab chiqaruvchi 8 ta inkubatsiya sexlari hamda 330 gektar maydonda reproduktor havzalar barpo etiladi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.