O‘zbekistonda voleybol sport turlari yanada ommalashtiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Voleybol sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi, deb xabar bermoqda O’zA.
Unga muvofiq, voleybol sport turlarini yanada ommalashtirish, yoshlar orasidan voleybol sport turlari bilan shug‘ullanuvchi sportchilarni saralab olish tizimini yaxshilash, ushbu sport turi bo‘yicha zamonaviy sport infratuzilmasini yaratish hamda milliy terma jamoalarimizning nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishini ta’minlash maqsadida voleybol, sohil voleyboli va para voleybol sport turlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:
voleybol sport turlarini aholi o‘rtasida keng tartib qilish hamda eng ommaviy sport turlaridan biriga aylantirish;
iqtidorli sportchilar, shu jumladan, sportchi-ayollarni aniqlash, seleksiya qilish hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning barcha bosqichlarini raqamlashtirish;
zarur sharoitlarga ega professional va oliy ta’lim tashkilotlarida voleybol sport turlari bo‘yicha to‘garaklarni tashkil etish;
voleybol sport turlari bo‘yicha professional trenerlar va hakamlarni tayyorlash tizimini rivojlantirish;
voleybol sport turlari bo‘yicha zamonaviy sport majmualarini barpo etish, mavjud moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy sport anjomlari va jihozlari bilan ta’minlash.
Mazkur qaror bilan:
2024-2026-yillarda voleybol sport turlarini rivojlantirish dasturi;
2024-2026-yillarda voleybol sport turlarini rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
2025-yildan boshlab har yili an’anaviy tarzda:
oliy ta’lim muassasalari talabalari, professional ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Volleyball stars” O’zbekiston kubogi;
vazirlik va idoralar xodimlari o‘rtasida uch bosqichli (tuman (shahar) – viloyat – respublika) voleybol sport turlari bo‘yicha “Yangi O’zbekiston” respublika musobaqasi;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalari yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida uch bosqichli Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi kubogi;
nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida para voleybol sport musobaqalari o‘tkazib boriladi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida voleybol sport turi bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi kubogi musobaqalarining final bosqichida g‘olib bo‘lgan ta’lim muassasalariga ularning haqiqiy ehtiyojidan kelib chiqib, zarur sport jihoz va anjomlari yetkazib beriladi.
Qarorga muvofiq, Namangan viloyati Uchqo‘rgon tumani olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati Voleybol sport turlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internati sifatida qayta tashkil etiladi.
Maktab-internat faoliyati voleybol sport turlari bo‘yicha iqtidorli yosh sportchilarni saralab olish va ularni terma jamoalarga asosiy nomzod sifatida tayyorlashga yo‘naltiriladi.
Maktab-internat 2024/2025-o‘quv yilidan faoliyatini boshlaydi.
Maktab-internatning voleybol sport turlari bo‘yicha o‘quvchi- sportchilari soni maktab-internatning umumiy kontingenti doirasida Sport vazirligi tomonidan belgilanadi hamda mavjud sport inshootlari imkoniyatlaridan kelib chiqib qo‘shimcha ravishda chim ustida xokkey, gandbol, erkin kurash kabi sport turlari ham rivojlantiriladi.
2024/2025-o‘quv yiliga qadar maktab-internatda mazkur bandda ko‘zda tutilmagan boshqa sport turlari bo‘yicha tahsil olayotgan o‘quvchilar ushbu maktab-internatni to‘liq tamomlagunga qadar o‘qishini davom ettiradi.
2025/2026-o‘quv yilidan boshlab voleybol sport turi bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan 16 nafardan (8 nafar o‘g‘il, 8 nafar qiz) iqtidorli sportchi-o‘quvchi Sport vazirligining tavsiyasiga asosan Ichki ishlar vazirligi akademik litseylariga tanlovning dastlabki va maxsus-professional bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng test sinovlarisiz umumiy kvota doirasida ichki ishlar vaziri tomonidan belgilangan tartibda o‘qishga qabul qilinadi.
Sharhlar