Xalq deputatlari viloyatlar Kengashlarining yettinchi chaqiriq birinchi sessiyasi o‘tkazildi

Foto: VILOYAT HOKIMLIGI

Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining yettinchi chaqiriq birinchi sessiyasida viloyat Hududiy saylov komissiyasi raisi Zafar Xakimovning joriy yil 27-oktyabrda bo‘lib o‘tgan saylov yakunlari to‘g‘risidagi axboroti tinglandi.

Shuningdek, deputat Axmedjanova Pokiza Shavkatovna Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi raisi etib saylandi. Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhlari ro‘yxatdan o‘tkazilib, viloyat Kengashining reglamenti va doimiy komissiyalar to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.

Maslahatlashuvda Prezident tomonidan Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga Maxmudaliyev Akmaljon Azimjonovich nomzodi ko‘rsatilgan bo’lib, xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining qarori bilan u viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

Namangan viloyatda ham avvaliga Hududiy saylov komissiyasi raisi Sobitxon Turg‘unovning joriy yil 27-oktyabrda bo‘lib o‘tgan saylov yakunlari to‘g‘risidagi axboroti tinglandi va deputat Solijon Mo‘minov Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi raisi etib saylandi.

Shuningdek, sessiyada xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhlari ro‘yxatdan o‘tkazilib, viloyat Kengashining reglamenti va doimiy komissiyalar to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.

Prezident tomonidan Namangan viloyati hokimi lavozimiga nomzodi qilib ko‘rsatilgan Abdurazzoqov Shavkat Shokirjonovich Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining qarori bilan Namangan viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.