Toshkent metrosining “Xalqlar do‘stligi” bekatidagi eskalator yangisiga almashtiriladi
“Toshkent metropoliteni” DUK ijtimoiy tarmoqlarda Yer osti metro bekatlarining ba’zi yopiq vestibyullari hali ham ochilmagani to‘g‘risida tarqalgan xabarlar yuzasidan bayonot berdi.
Ta’kidlanishicha, bundan 30-40 yil ilgari barpo etilgan Toshkent metropolitenining yer osti bekatlaridan beshtasida, ya’ni “Milliy bog‘”, “Mashinasozlar”, “O’zbekiston”, “G’afur G’ulom” va “Yunus Rajabiy” bekatlarining ikkinchi vestibyullarida qurilish ishlari oxiriga yetkazilmagan holatda foydalanishga topshirilgan.
Metro tizimiga bo‘lgan talab kun sayin ortib borayotgani va shu boisdan ham yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida o‘tgan 2023 yilda “Toshkent metropoliteni” DUK tomonidan bu vestibyullar faoliyatini yo‘lga qo‘yishga doir tashabbuslar tegishli tartibda hukumat muhokamasiga taqdim etilgan va hukumat tomonidan bu ishlar amalga oshirilishiga ruxsat berilgan.
Shundan so‘ng, Toshkent metropoliteni qoshida ochilgan “Toshmetrotrans” MChJ loyiha instituti tomonidan barcha yopiq vestibyullarni ishga tushirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilib, davlat ekspertizasiga topshirilgan.
Hozirgi kunga kelib, loyihalar bo‘yicha tegishli xulosalar olingan bo‘lib, qurilishni amalga oshiruvchi tashkilot aniqlanishi uchun bu loyiha tenderga joylashtirilgan. Bu jarayon bosqichma-bosqich shaklda amalga oshishini inobatga olgan holda, qurilish ishlari yaqin bir oy muddatda boshlanadi. Qurilishning tugash muddati xususida esa qurilish jarayonlarining texnik holatiga ko‘ra qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi, deyiladi xabarda.
Shuningdek, xabarda ta’kidlangan “Xalqlar do‘stligi” bekatida mavjud eskalatorni yangisiga almashtirish maqsadida yopilgan ikkinchi vestibyulda hozirda jadal ishlar amalga oshirilmoqda va bu vestibyul faoliyati bir oy muddatda qayta yo‘lga qo‘yiladi.
Sharhlar