“Xalqlar do‘stligi” bekatidagi yopilgan vestibyul bir oyda qayta ochiladi

Foto: Afisha.uz

Ijtimoiy tarmoqlardagi “Yer osti metro bekatlarining ba’zi yopiq vestibyullari hali ham ochilmadi”mazmunidagi xabarlar yuzasidan “Toshkent metropoliteni” DUK axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi:

Bundan 30-40 yil ilgari barpo etilgan Toshkent metropolitenining yer osti bekatlaridan beshtasida, ya’ni Milliy bog‘, Mashinasozlar, O‘zbekiston, G‘afur G‘ulom va Yunus Rajabiy bekatlarining ikkinchi vestibyullarida qurilish ishlari oxiriga yetkazilmagan holatda foydalanishga topshirilgan.

Metro tizimiga bo‘lgan talab kun sayin ortib borayotganligi va shu boisdan ham yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida, 2023-yilda “Toshkent metropoliteni” DUK tomonidan bu vestibyullar faoliyatini yo‘lga qo‘yishga doir tashabbuslar tegishli tartibda hukumat muhokamasiga taqdim etildi va hukumat tomonidan bu ishlar amalga oshirilishiga ruxsat berildi.

Shundan so‘ng, Toshkent metropoliteni qoshida ochilgan “Toshmetrotrans” MCHJ loyiha instituti tomonidan barcha yopiq vestibyullarni ishga tushirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilib, davlat ekspertizasiga topshirildi.

“Hozirgi kunga kelib, loyihalar bo‘yicha tegishli xulosalar olingan bo‘lib, qurilishni amalga oshiruvchi tashkilot aniqlanishi uchun bu loyiha tenderga joylashtirilgan. Bu jarayon bosqichma-bosqich shaklda amalga oshishini inobatga olgan holda, qurilish ishlari yaqin bir oy muddatda boshlanadi. Qurilishning tugash muddati xususida esa, qurilish jarayonlarining texnik holatiga ko‘ra qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi”, – deyiladi xabarda.

Shuningdek, xabarda ta’kidlangan “Xalqlar do‘stligi” bekatida mavjud eskalatorni yangisiga almashtirish maqsadida yopilgan ikkinchi vestibyulda hozirda jadal ishlar amalga oshirilmoqda va bu vestibyul faoliyati bir oy muddatda qayta yo‘lga qo‘yiladi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.