Xatirchida 8 yoshli qizning YTHda vafot etishi yuzasidan batafsil ma’lumot berildi
1-iyul kuni soat taxminan 18:50larda fuqaro N.A. o‘zining boshqaruvida bo‘lgan “BYD SONG” rusumli avtomobilini Xatirchi tumani hududidan o‘tuvchi yo‘ldan “Zarafshon-Yangirabod” yo‘nalishi bo‘yicha boshqarib borayotib, o‘zi bilan bir yo‘nalishda ketayotgan (o‘ziga oldindan tanish bo‘lmagan) fuqaro F.A. boshqaruvidagi “BYD SONG” rusumli avtomobil bilan bir-biridan quvib o‘tishga harakat qilgan.
Ular o‘zaro quvishib, ushbu yo‘lning Xatirchi tuman tibbiyot texnikumi yonidan o‘tgan qismida, tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan yo‘lning o‘ng tomonidan chap tomoniga kesib o‘tayotgan piyoda, 2016-yilda tug‘ilgan Sh.Sh.ni dastlab fuqaro N.A. boshquruvidagi avtomobil bilan turtib o‘tib, so‘ngra, fuqaro F.A. o‘z boshqaruvidagi avtomobil bilan urib-bosib o‘tgan va yo‘l-transport hodisasini sodir etishgan.
Natijada, voyaga yetmagan Sh.Sh. mazkur yo‘l-transport hodisasi oqibatida olgan tan jarohatlari sababli hodisa joyida vafot etgan.
Mazkur xolat yuzasidan fuqarolar N.A. va F.A.larga nisbatan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
4-iyul kuni jinoyat ishi yuzasidan fuqarolar N.A. va F.A.larga nisbatan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan ayblov e’lon qilinib, shu kuni Jinoyat Protsessual Kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan va 5-iyul kuni ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
YTH natijasida vafot etgan voyaga yetmagan Sh.Sh. 2016-yilda Xatirchi tumanida tug‘ilgan. Tumandagi 14-sonli maktabning 2-sinf o‘quvchisi bo‘lgan. Onasi M.Sh. “Yangirabod” MFYda yashovchi bobosinikiga bir kun oldin qizaloqni olib kelib, o‘zi Toshkent shahriga ishlash uchun ketgan.
Bobo hamda buvi 2010-yilda tug‘ilgan o‘g‘li, tumandagi 14-maktabning 7-sinf o‘quvchisi N.T. hamrohligida qizaloqni istirohat bog‘iga sayrga borib kelishiga ruxsat bergan.
Holatga ko‘ra, 2010-yilda tug‘ilgan N.T. avval o‘zi piyodalar o‘tish joyidan o‘tgan va biroz ortda qolgan, hali o‘tishga ulgurmagan qizaloqni chaqirgan. Qizaloq transport vositalarining harakatiga e’tibor bermasdan, piyodalar o‘tish joyiga yugurib chiqqan va ko‘ngilsiz hodisa sodir bo‘lgan.
Sharhlar