Xitoy va O’zbekiston o’rtasida aviaqatnovlar soni haftasiga 20 taga yetkazildi
Shensi provinsiyasining Sian shahrida “Zhejiang Loong Airlines” aviakompaniyasining Sian-Samarqand-Sian yo’nalishi bo’yicha birinchi parvoziga start berish marosimi bo’lib o’tdi.
Marosimda Xitoyning 20 ga yaqin sayyohlik kompaniyalari, 30 ga yaqin madaniyat va turizm sohasi hamda 10 dan ziyod ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Siandagi xorijiy diplomatiya vakolatxonalari xodimlari ishtirok etdi.
Mehmonlarga so’nggi yillarda O’zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar hamda mamlakatning turizm salohiyati haqida batafsil so’zlab berildi.
Tadbir chog’ida Van Xaypen Xitoy va O’zbekistonning eng muhim madaniy markazlari o’rtasida aviaqatnovlarning yo’lga qo’yilishi, mintaqaviy do’stona munosabatlar mustahkamlanishiga, xususan, mazkur hududlarning sayyohlik salohiyatini kengaytirish, sayyohlar oqimini ko’paytirish hamda savdo-iqtisodiy aloqalarini yanada rivojlantirishga yordam berishini ta’kidladi.
O’zbekiston va Xitoy o’rtasida aviaqatnovlar sonini ko’paytirish va parvozlar geografiyasini kengaytirish nafaqat “Bir makon, bir yo’l” tashabbusi maqsadlari bilan hamohang, balki ikki mamlakat davlat rahbarlari tomonidan 2023-yil 18-may kuni Sian shahrida imzolangan O’zbekiston bilan XXRning Qo’shma bayonoti, shuningdek, 2023-2027-yillarga mo’ljallangan O’zbekiston bilan Xitoy o’rtasida yangi davrda har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish Dasturi hamda O’zbekiston Prezidentining 2024-yil 23-25-yanvar kunlari Xitoyga amalga oshirgan davlat tashrifi chog’ida tomonlar o’rtasida erishilgan kelishuvlarda ham o’z aksini topganligi bayon etildi.
Mazkur kelishuvlar ijrosi doirasida olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida ayni vaqtga kelib, ikki mamlakat o’rtasidagi parvozlar soni haftasiga 20 taga yetkazilganligi bildirildi.
Ushbu parvozlar “Uzbekistan Airways”, “Zhejiang Loong Airlines” “China Southern Airlines” aviakompaniyalari tomonidan yo’lga qo’yilgan bo’lib, amalga oshirilayotgan reyslar Pekin-Toshkent o’rtasida 7 ta, Urumchi-Toshkent o’rtasida 5 ta, Sian-Toshkent o’rtasida 3 ta, Chendu-Toshkent o’rtasida 3 ta va Sian-Samarqand o’rtasida 2 ta ekanligi ma’lum qilindi.
Tadbir so’nggida Xitoy tomoni bilan mazkur yo’nalishdagi tizimli ishlarni izchil davom ettirishga xususan, sohaga oid shartnomaviy-huquqiy bazani yana-da takomillashtirgan holda yaqin kelajakda ikki mamlakat o’rtasidagi parvozlar sonini haftasiga 100 taga yetkazishga kelishib olindi.
Sharhlar