Xiva shahrida “Qovun sayli” festivali bo‘lib o‘tmoqda
Xiva shahridagi qadimiy “Ichan qal’a” majmuasida an’anaviy “Qovun sayli” festivali bo‘lib o‘tmoqda.
Festival uchun “Polvon” darvoza oldi, “Alleya” maydonining 4 gektarida 60 ta pavilon tashkil qilinib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek, Xorazm viloyatidagi 13 ta shahar va tuman hokimliklari, o‘z hududlarida yetishtirilgan meva-sabzavotlar, poliz ekinlari qovun mahsulotlarining “Gurvak”, “Qilichboy beshak”, “Qariqiz”, “Tuya qovun”, “To‘yona”, “Ola zamcha”, “Xorazm oq novvoti”, “Ko‘k gulobi”, “Bo‘rikalla” kabi mahalliy qovunlarning 125 ga yaqin navlari namoyishi hamda hunarmandchilik mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.
“Turizm sohasini rivojlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan yana bir yo‘nalish bu agroturizm hisoblanadi. Har yili ayni qovun pishig‘i mavsumida o‘tkaziladigan “Qovun sayli” festivali oxirgi ikki yil davomida xalqaro darajada o‘tkazilib kelinayotganligi alohida e’tirofga loyiq. 2023-yilda o‘tkazilgan festival doirasida 200 ming nafardan ortiq mahalliy va 15 ming nafarga yaqin xorijiy sayyohlar ijtiroki qamrab olingan bo‘lsa, bu yilgi festival doirasida 400 ming nafar mahalliy sayyohlar va 30 ming nafar xorijiy sayyohlarining ishtiroki kutilmoqda. Ushbu raqamlar kelgusi yillarda viloyatning turizm va xizmatlar sohasidagi asosiy drayveri bo‘ladi”, – deb ta’kidladi U.Shadiyev.
Festival 12-avgustgacha davom etadi va festivalning keyingi kunlarida bir qancha gastronomik tadbir va tomoshalar rejalashtirilmoqda hamda tadbirning so‘nggi kunida:
– “Qovunchilikda eng yuqori daromad va hosildorlikka erishganlik uchun”;
– “Qadimiy anʼanaviy Xorazm qovunlari navlarini tiklash”;
– “Qovunchilikda innovatsion texnologiyalar joriy qilganligi uchun”;
– “Eng koʻp turdagi qovun yetishtirgan hudud” nominatsiyalari boʻyicha baholash, folklor jamoalari chiqishlari bo‘lib o‘tadi.
Sharhlar