Xodimlar foydasiga 25 milliard so‘mdan ortiq pullar undirib berildi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yil mobaynida kasaba uyushmalariga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan jami 4 ming 834 ta, xususan, 2 ming 12 ta yozma, 656 ta og‘zaki, 1 ming 590 ta internet tarmog‘i orqali elektron shakldagi, 576 ta “Ishonch telefonlari” orqali kelgan murojaatlar va 233 ta jamoaviy murojaatlar ko‘rib chiqilib, mehnatkashlarga amaliy yordamlar ko‘rsatilgan.
Ushbu murojaatlarning 2 ming 89 tasida huquqiy himoya, 1 ming 63 tasida ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlar himoyasi, 104 tasida mehnat muhofazasi, 275 tasida kasaba uyushmasi tashkilotining tashkiliy-huquqiy faoliyati, 489 tasida sanatoriy va sog‘lomlashtirish masalalari, 503 tasida moddiy yordam ajratish, 22 tasida ijtimoiy-mehnat munosabatlariga oid boshqa masalalar aks etgan.
Kasaba uyushmalari tomonidan barcha murojaatlar ko‘rib chiqilib, xodimlar huquqlarini tiklashni so‘rab ish beruvchilarga kiritilgan 121 ta taqdimnomaning 91 tasi qanoatlantirilishi natijasida qonun buzilishi holatlari bartaraf etilgan.
Mehnatkashlar huquqlarini himoya qilish maqsadida kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan sudlarga kiritilgan jami 56 ta da’vo va buyruq tartibidagi arizalardan 45 tasining talablari qanoatlantirilgan. 7 ta holatda ish beruvchilar ixtiyori bilan xodimning huquqlari tiklanganligi sababli da’vodan voz kechilib, taraflar o‘rtasida kelishuv bitimlari tuzilgan.
Jami murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra 2023-yil davomida Kasaba uyushmalari tomonidan 3 ming 410 nafar shaxsning huquqlari tiklanib, mehnatkashlar foydasiga 26 mlrd. 30 mln. so‘mdan ortiq zarar pullari undirib berilgan.
Sharhlar