“Xoliq vayner” 7 sutkaga qamaldi

Фото: Кадр из видео

Bloger Xoliqjon Samadov 7 sutkaga, uning to‘rt nafar sherigi 5 sutkaga qamaldi. Bu haqda Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Buxoro shahrining Namozgoh ko‘chasida suratga olingan videolavhada vayner o‘z boshqaruvidagi Nexia avtomashinasida harakatlanib, yo‘l belgisiga qasddan shikast yetkazadi. Videoda vayner ikki nafar lavha qahramonining ustiga mashinani haydab borgani aks etgan. Video bo‘yicha viloyat ichki ishlar boshqarmasi, Jamoat xavfsizligi xizmati, Yo‘l harakati xavfsizligi tomonidan surishtiruv ishlar olib borilib, avtomashina va uni haydagan fuqaro shaxsiga aniqlik kiritilgan.

“Mashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Vayner Xoliqjon Samadov va uning to‘rt nafar sherigiga nisbatan MJtKning tegishli moddalari bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, ish jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudida mazmunan ko‘rib chiqildi”, – deyiladi xabarda.

Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi JXX YHXB Axborot guruhi katta inspektori Ulug‘bek Shukurlayevning aytishicha, videoda ishtirok etgan jami 4 nafar fuqaroga MJtKning 183-moddasi tartibida 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Shuningdek, ushbu holatning asoschisi bo‘lgan Xoliqjon Samadov MJtKning bir qator moddalariga asosan aybli deb topilib, unga uzul-kesil 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.