Instagram’da xonanda Kanizani haqorat qilgan erkak 6,8 million so‘m jarimaga tortildi
Buxoroda Instagram ijtimoiy tarmog‘ida xonanda Kanizaning surati ostiga haqoratomuz izoh qoldirgan shaxs javobgarlikka tortildi. Bu haqda PvBux xabar bermoqda.
Sudda so‘zga chiqqan xonanda har bir inson boshqalarni hurmat qilishi va asossiz haqoratlarga yo‘l qo‘ymasligi kerakligini ta’kidladi.
“Agar sudda bu odamning oʻrnida ayol boʻlganida, men uni tushungan boʻlardim. Lekin o‘zini musulmonman deb atagan o‘zbek yigiti ayolni sababsiz haqorat qilib, sudga tushadi – bu musulmonning xatti-harakatimi”, — dedi xonanda sudda so‘z yuritar ekan.
Ma’lum bo’lishicha, salbiy izoh xonandaning tashqi ko’rinishiga tegishli edi. “Biz demokratik davlatda yashayapmiz. Agar qonunchiligimizda zamonaviy uslubda kiyinish va raqsga tushish taqiqlanganida edi, mamlakatimizda umuman san’atkorlar bo‘lmas edi”, — dedi u.
Sud ish materiallarini o‘rganib chiqib, ayblanuvchini O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-moddasida nazarda tutilgan (haqorat) ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlikda aybdor deb topdi va 20 BRV (6,8 million so‘m) miqdorida jarima belgiladi.
Sharhlar