Xorijdan yuk avtomashinasini xarid qilgan fuqaro chuv tushdi
Masofadan turib, xorijdan yuk avtotransport vositasini xarid qilishda hamkorlarning ishonchliligi muhim o‘rin tutadi. Bunda xorijdagi tanimagan-bilmagan odamlarning taklif va tavsiyasi asosida ish tutish kutilmagan muammolarni yuzaga chiqaradi, deb yozmoqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi matbuot xizmati.
“Ismi shartli ravishda o‘zgartirilgan qahramonimiz Baxtiyor muqaddam foydalanilgan yuk avtotransport vositasini xarid qilish istagida xorijdagi notanish kimsalarga murojaat qiladi, so‘ralgan valyutani yuboradi. Hamkorlar esa yuk avtotransport vositasini O‘zbekistonga yuborishadi. Kelishuvga binoan transport vositasi 2021 yilda ishlab chiqarilgan bo‘lishi kerak edi.
Bir qarashda hammasi risoladagidek: yuk avtotransport vositasining tegishli yorliqlari va maxsus identifikatsion raqamiga ishonilsa rostdan ham texnika 2021 yilda ishlab chiqarilgan”, – deyiladi xabarda.
Ammo, Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Ark buloq” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida o‘tkazilgan bojxona ko‘rigi davomida yuk avtotransport vositasi ramasining boshqa qismiga muqaddam identifikatsion raqam tushirilgani, keyinchalik bu yozuv tashqi mexanik ta’sir ko‘magida o‘chirib yuborilganiga doir shubhalar tug‘ildi.
“Qarang-ki, bu shubhalarni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi tomonidan o‘tkazilgan ekspertiza xulosasi ham tasdiqladi. Polirovka usulida o‘chirib yuborilgan raqamlar tadqiqot jarayonida qayta tiklanganida, ushbu transport vositasi hujjatlarda qayd etilganidek 2021 yilda emas, aksincha 2017 yilda ishlab chiqarilgani fosh bo‘ldi”, – deyilgan.
Hozirda holat yuzasidan bojxona surishtiruvlari davom ettirilmoqda.
Sharhlar