O‘zbekistonda yoshlar til o‘rgangani uchun moddiy rag‘batlantiriladi
27-iyun kuni O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, deb yozadi O‘zA.
Mazkur hujjatga asosan, imtihon topshirish xarajati qoplanadigan xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha ingliz, nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillaridan kamida C1 yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi sertifikat olgan yoshlarning imtihon topshirish xarajatlarini kompensatsiya qilishga qo‘shimcha ravishda o‘qish xarajatlarini qoplash uchun BHMning 3 baravari (1 mln 20 ming so‘m) miqdorida bir martalik moddiy rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi.
2024-yil 1-sentabrdan 2027-yil 1-yanvargacha yoshlarning nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillari bo‘yicha xalqaro imtihon tizimlarida imtihon topshirish xarajatlari qoplab berilishi uchun ular tomonidan to‘planishi lozim bo‘lgan ballning (sertifikat darajasining) minimal ko‘rsatkichi bir pog‘ona pasaytiriladi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining sinf xonalarini ta’lim jarayonidan bo‘sh vaqtda kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini amalga oshirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida tekin foydalanish huquqi bilan xususiy o‘quv markazlariga berishga ruxsat etiladi.
Bunda tegishli umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ro‘yxati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Sharhlar