Samarasiz foydalanib kelinayotgan ijtimoiy muassasalar xususiy sektorga berilishi mumkin
O‘zbekistondagi bir qator ijtimoiy muassasalar xususiy sektorga berilishi mumkin. Bu “O‘zbekiston Respublikasida 2024–2030-yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qarori (PQ-308-son 30.08.2024-y.)da ko‘zda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, samarasiz foydalanib kelinayotgan yirik shifoxonalar, madaniyat va sport inshootlari (shu jumladan, madaniyat saroylari, stadionlar, konsert zallari, istirohat bog‘lari) xatlovdan o‘tkaziladi.
Xatlov natijalariga ko‘ra, muassasalarni xususiy sektorga davlat-xususiy sheriklik asosida o‘tkazish bo‘yicha 2024-yil oxirigacha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritilishi kerak.
Ijtimoiy obyektlarning “samarasiz foydalanib kelinayotgani”ga qanday baho berilishi hozircha ma’lum emas.
Topshiriq ijrosiga iqtisodiyot va moliya vaziri, sog‘liqni saqlash vaziri, madaniyat vaziri, sport vaziri, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari mas’ul etib belgilandi.
Sharhlar