O‘zbekistonda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishning yagona tartibi joriy etiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi va turar joyi bo‘yicha xabardor qilishi tartibi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-maydagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, respublikamizda doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joy bo‘yicha ro‘yxatga olishning yagona tartibini joriy etishga qaratilgan.
Ma’lumki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 32-moddasida O‘zbekiston Respublikasi hududida qonuniy asoslarda bo‘lib turgan har kim mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqi mustahkamlab qo‘yildi.
O‘tgan qisqa davrda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ko‘p yillar davomida xalqimizni qiynab kelgan, eskilik sarqiti bo‘lgan propiska tizimini bekor qilish, bu borada belgilangan turli byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, xususan, propiskasiz fuqarolarni ishga olganlik uchun ish beruvchining javobgarligini bekor qilish bo‘yicha muhim tarixiy islohotlar amalga oshirildi.
Fuqarolarni doimiy yashash joyi yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish ichki ishlar organlari bilan bir qatorda davlat xizmatlari markazlari orqali yoki onlayn tarzda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi. Olish o‘ta murakkab bo‘lgan xorijga chiqish stikeri bekor qilinib, uning o‘rniga biometrik pasport va mamlakat ichida esa ID karta joriy qilindi.
Bugungi kunda fuqarolarimiz mamlakat hududi bo‘ylab emin-erkin harakatlanmoqda, shu jumladan Toshkent shahri va viloyatida turar joy sotib olish, ishga joylashish, tibbiy va boshqa ijtimoiy xizmatlardan to‘siqsiz foydalanmoqda, chet davlatlarga hech qanday qiyinchiliklarsiz borib kelishmoqda.
O‘z navbatida, fuqarolarni doimiy yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tizimi aholi statistikasini yuritish, hududlar infratuzilmasini shakllantirish, pensiya, tibbiy ta’minot, ijtimoiy xizmatlar va davlat xizmatlari ko‘rsatishni rejalashtirishda, mavjud resurs va mablag‘larni to‘g‘ri taqsimlashda, aholi bandligini ta’minlashda, harbiy ro‘yxat yuritishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda amalda bo‘lgan “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi Qonun sababli fuqarolarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazishda byurokratik to‘siqlar yuzaga kelmoqda.
Ushbu qonun loyihasi bilan yuqorida ta’kidlangan Qonun bekor qilinib, respublika bo‘yicha fuqarolarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishining yagona tartibini joriy etish, shuningdek, vaqtincha turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish tartibini takomillashtirgan holda turar joy bo‘yicha xabardor qilish tizimini joriy etish taklif etilmoqda.
Endilikda Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun alohida, boshqa viloyatlar uchun esa alohida ro‘yxatga olish tartibi bo‘lmaydi, bunday amaliyotdan voz kechiladi, respublika bo‘yicha bir xil tartib amal qiladi.
Sharhlar