Yakkabog‘dagi zararli chigirtka bosqini bartaraf etildi
21-iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida zararli chigirtka bosqini yuz bergani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
Video muallifi Mansur Meliyev 19-iyun kuni Qashqadaryo viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmatiga murojaat qilgan. Murojaatga asosan o‘sha kunning o‘zida tasvirda aks etgan maydonda kimyoviy kurash tadbirlari amalga oshirilib, chigirtka xavfi bartaraf etilgan.
“Chigirtkaga qarshi kurash tadbirlari har yili an’anaviy tarzda voha hududlaridan boshlanadi. Sababi Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida havo harorati boshqa viloyatlarga nisbatan erta isiydi. Kimyoviy ishlov berish tadbirlari ham erta yakunlanadi. Asosiy bosqich ortda qolgan bo‘lib, hududda uchraydigan marokash chigirtkasining hayot faoliyati tabiiy yakunlanmoqda. Bunda chigirtkalar faol oziqlanishdan to‘xtaydi, shu sababli qishloq xo‘jaligi ekinlariga zarar yetkazmaydi”, – deyiladi xabarda.
Ayni vaqtda aniqlanayotgan kichik to‘dalarni bartaraf etish ishlari davom etmoqda. Kuzatuv tadbirlari viloyatning G‘uzor, Dehqonobod, Qamashi, Nishon, Chiroqchi, Yakkabog‘, Kitob tumanlarida davom etmoqda.
Sharhlar