Yakshanba kunidan havo soviy boshlaydi
13-oktyabr kuni O‘zbekistonning shimoliy hududlariga, 14−17 oktyabr kunlari qolgan hududlarga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi kutilmoqda, deya ogohlantirdi O‘zgidromet agentligi direktori Sherzod Habibullayev.
Qayd etilishicha, 13−17 oktyabrda havo harorati kechalari +3…+8 darajagacha, respublika shimolida ba’zi joylarda 0…−2 darajagacha, kunduz kunlari +13…+18 darajagacha asta-sekin pasayadi.
13−15 oktyabr kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Tog‘oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda kuchli yomg‘ir yog‘ishi mumkin, baland tog‘larda yomg‘ir qorga aylanadi.
Avvalroq 11 va 13−14 oktyabr kunlari respublikaning to‘rtta viloyatidagi tog‘li hududlarda kutilayotgan yomg‘irlar sababli sel-suv toshqinlari yuz berishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Sharhlar